Ommaviy oferta

“Click” Servisi doirasida to’lov xizmatlarini ko’rsatish bo’yicha shartnoma tuzish uchun OMMAVIY OFERTA

O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

 

Mazkur Oferta “CLICK” MChJ (bundan keyin matnda ma’nosidan kelib chiqqan holda “Servis operatori” yoki “Operator” deb yuritiladi) tomonidan CLICK savdo belgisi ostida masofadan turib bank Servis xizmatlarini taqdim qilish (bundan buyon matnda “CLICK Servisi” yoki “Servis” deb yuritiladi) bo'yicha xizmatlar ko'rsatish to'g'risida Shartnoma tuzish yuzasidan jismoniy shaxslarga yo'llangan rasmiy ommaviy taklif hisoblanadi.

Mazkur Ofertada qayd etilgan harakatlarni amalga oshirish jismoniy shaxsning mazkur Ofertada belgilangan shartlarda, tartibda va hajmda xizmatlar ko'rsatish to'g'risida Shartnoma (bundan buyon matnda “Shartnoma” deb yuritiladi) tuzishga roziligining so'zsiz va muqarrar tasdig'i (aktsepti) hisoblanadi.

 

1. ATAMALAR VA TAVSIFLAR

CLICK Servisi / Servis – O'zR banklariga hisobvaraqni masofadan turib boshqarish xizmatini, Servis foydalanuvchilariga esa, shu jumladan, Ta'minotchilarning Xizmatlari uchun haq to'lash, boshqa Kartalarga O'tkazmalarni amalga oshirish hamda istalgan vaqtda va Servisning istalgan interfeysi orqali masofadan turib onlayn rejimida Servisning foydalanish mumkin bo'lgan funktsionali doirasida boshqa harakatlarni amalga oshirish imkonini beradigan “CLICK” MChJ alohida egalik huquqidagi dasturiy mahsulot. Servis interfeyslari quyidagilarni o'z ichiga oladi:

  1. Mobil interfeys (https://m.click.uz);
  2. b) Veb-interfeys (https://my.click.uz);
  3. IOS va Android operatsion tizimlarida foydalanish mumkin bo'lgan click™ (Evolution/Up) mobil ilovasi;
  4. USSD/SMS-portallari;
  5. Telegram-bot (@clickuz);
  6. click™ Servisining funksionali doirasida foydalanish mumkin bo'lgan boshqa interfeyslar.

1.2 Servis Foydalanuvchisi/Foydalanuvchi -  – bir vaqtda O'zR bank(lar)i mijozi hisoblangan (bank bilan tegishli shartnoma asosida karta egasi bo'lgan yoki mazkur Shartnoma asosida CLICK Servisiga ulangan jismoniy shaxs), mazkur Oferta shartlarini aktseptlash orqali Shartnoma tuzishga yo'naltirilgan harakatlarni amalga oshirgan yuridik salohiyatli jismoniy shaxs.

1.3. Servis operatori / Operator – Foydalanuvchi tomonidan O'zR qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan To'lovlar/O'tkazmalar va Servisdan foydalanilgan holda boshqa operatsiyalar amalga oshirilishida texnik va axborot hamkorligini ta'minlaydigan texnik-dasturiy va tashkiliy-huquqiy vositalar majmuiga ega bo'lgan “CLICK” MChJ.

1.4. Ta'minotchi – tegishli bank bilan shartnoma tuzgan, aholiga turli xil xizmatlarni taqdim qiladigan hamda jismoniy shaxslardan, shu jumladan Servis foydalanuvchilaridan sotiladigan tovarlar va ko'rsatiladigan xizmatlar uchun pul mablag'larini oladigan yuridik shaxs yoki yuridik shaxs filiali yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar.

1.5. To'lov kartasi / Karta – karta egasi tomonidan uning hisobvarag'idagi pul mablag'lari bilan operatsiyalarni amalga oshirish uchun mo'ljallangan elektron to'lov vositasi bo'lgan naqd pulsiz hisob-kitoblar vositasi.

1.6. Xizmatlar – Ta'minotchi tomonidan uning abonentiga / mijoziga / xaridorga tegishli shartnoma asosida realizatsiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, ko'rsatiladigan xizmatlar.

1.7. To'lov – Servis Foydalanuvchisi tomonidan Ta'minotchi oldidagi pul majburiyatlarini bajarish, shu jumladan Ta'minotchi Xizmatlari uchun oldindan to'lovni amalga oshirish maqsadlarida Ta'minotchi foydasiga to'lanadigan naqd pulsiz mablag'lar.

1.8. O'tkazma – Servis Foydalanuvchisi topshirig'i asosida bir Karta hisobvarag'idan boshqa Karta hisobvarag'iga o'tkaziladigan naqd pulsiz mablag'lar.

1.9. CLICK PIN – CLICK Servisida Foydalanuvchi tomonidan tuziladigan va ishlatiladigan, Servis interfeyslariga kirish imkoniyatiga ega bo'lish (avtorizatsiya) va/yoki Servis doirasida operatsiyalar amalga oshirilishini tasdiqlash uchun kerakli shaxsiy identifikatsiyalash kodi (paroli).

1.10. Karta egasi – O'zR bank(lar)i mijozi bo'lib, uning nomiga Karta chiqarilgan jismoniy shaxs, yoki O'zR banki bilan shartnoma asosida ushbu Kartadan foydalanishga mijoz tomonidan vakolat berilgan shaxs.

1.11. “To'lovlar monitoringi” xizmati – Foydalanuvchi To'lov kartasi orqali amalga oshirilgan barcha tranzaktsiyalar to'g'risida ma'lumotlar olishi, kirim/chiqim statistikasini ko'rib chiqishi, shuningdek CLICK Servisi funktsionali tomonidan nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishi mumkin bo'lgan Operatorning axborot-texnologik echimlar majmui.

1.12. “Elektron kvitansiya” xizmati – Operatorning axborot-texnologik qarorlari majmui bo'lib, bu Foydalanuvchiga mazkur Shartnomaning 5-2-bo'limiga muvofiq ushbu Xizmat doirasida foydalanish mumkin bo'lgan To'lovlarning Ta'minotchilar foydasiga amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitantsiyalarning qog'oz versiyasi yetkazib berilishini “buyurtma qilish” imkonini beradi.

1.13. “SMS-xabarnoma” xizmati – Karta egalariga Karta orqali amalga oshirilgan operatsiyalar, shu jumladan CLICK Servisi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to'g'risida o'z mobil telefon raqamlariga SMS-xabarlar olish imkonini beradigan Yagona Umumrespublika Protsessing Markazining (YaUPM) xizmati. Ushbu xizmat Yagona Umumrespublika Protsessing Markazining tegishli ofertasida belgilangan shartlarda va tartibda ixtisoslashtirilgan axborot kioskalari (bank terminallri) orqali Karta egasining mobil telefon raqamlariga Karta biriktirish (Karta to'g'risidagi ma'lumotlarni kiritish) orqali ulanadi.

1.14. “Click premium” xizmati – bir nechta xizmatlarni paketli taklifga birlashtiruvchi yoki bir yoki bir nechta xizmatlar bo’yicha joriy xizmat ko’rsatish shartlarini yaxshilovchi va to’lovi mijozdan aktseptsiz rekurrent usulda yechiluvchi mahsulot.

1.15. Click Boom – Foydalanuvchi yaqinidagi Click mijozlariga Bluetooth simsiz ma’lumot uzatish usuli orqali pul o’tkazmalarini amalga oshirish funksiyasi.

1.16. “Click Boom” xizmati doirasida mablag’ o’tkazuvchi – Pul mablag’i o’tkazmasini amalga oshiruvchi Click™ mobil ilovasi Foydalanuvchisi.

1.17. “Click Boom” xizmati doirasida pul mablag’ni qabul qiluvchi – Pul mablag’ini qabul qiluvchi Click™ ilovasi foydalanuvchisi.

2. SHARTNOMA PREDMETI

2.1. Mazkur Shartnoma bo'yicha Servis operatori Foydalanuvchilarga Ta'minotchilar Xizmatlari uchun To'lovlarni onlayn rejimida amalga oshirish, o'z Kartalarini boshqarish, onlayn rejimida bir Kartadan boshqasiga pul mablag'lari O'tkazmalarini amalga oshirish, shuningdek Servis funksionali tomonidan nazarda tutilgan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish va boshqa xizmatlarni olish imkonini beradigan CLICK Servisidan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi.

2.2. Foydalanuvchilar uchun CLICK Servisidan foydalanish bepul.

2.3. Mazkur Shartnomani tuzish orqali Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasining shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunlari talablariga muvofiq “CLICK” MChJga o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini Operator internet-resurslarida joylashtirilgan Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va ishlash siyosati shartlariga muvofiq ishlashga muddatsiz roziligini beradi.

2.4. Bunda Servis Operatori Foydalanuvchi tomonidan To'lovlar/O'tkazmalar va O'zR qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan Servisi funksionali tomonidan nazarda tutilgan boshqa operatsiyalar amalga oshirilishida faqat texnik va axborot hamkorlikni ta'minlaydi hamda tegishli pul mablag'larini Ta'minotchilar foydasiga yoki bir Kartadan boshqasiga kiritish va chegirib olish uchun javobgar emas.

Ushbu holatda mazkur bankning tegishli ofertasi/shartnomasida belgilangan shartlarga va tartibga muvofiq Foydalanuvchi Kartasini chiqargan bank javobgar bo'ladi.

2.5. CLICK Servisi Foydalanuvchilarga pullik asosda taqdim qilinishi mumkin bo'lgan ayrim xizmatlarni o'z ichiga olishi mumkin. Bunday xizmatlar uchun tegishli haq olish shartlari va tartibi mazkur Shartnomaning tegishli bo'limlarida belgilangan.

3. SHARTNOMA TUZISH (OFERTA AKTSEPTI) VA SERVISNI TAQDIM QILISH TARTIBI

3.1. Servisga ulanish va undan kelgusi foydalanish uchun Karta egasi o'z mobil telefoni orqali yoki CLICK Servisi interfeyslaridan o'zgacha foydalanilgan holda (USSD menyusini chaqirish, ilovalarni yuklab olish va o'rnatish, veb-interfeys orqali, Telegram-botdan foydalangan holda yoki Servis funksionalida foydalanish mumkin bo'lgan boshqa usullar yordamida), tegishli Interfeys yo'riqnomalariga amal qilingan holda (a) Servisga ulanishi kerak bo'lgan o'z mobil telefoni raqamlarini biriktiradi (kiritadi), (b) CLICK-PIN kiritadi (tuzadi), (c) Kartani biriktiradi (ma'lumotlarini kiritadi) va (d) mazkur Oferta shartlariga rozilik beradi. Kartaning “SMS-xabarnoma” Xizmatiga ulanishi ushbu Kartani CLICK Servisiga “biriktirishning” majburiy sharti hisoblanadi.

Bunda mazkur band talablaridan istalgan biri bajarilmagan holatda Operator Foydalanuvchining Servisga ulanishini rad qilishga haqlidir.

3.2. Mazkur Ofertaning 3.1-bandi bilan nazarda tutilgan harakatlarning amalga oshirilishi Karta egasining mazkur Ofertada belgilangan shartlarda, tartibda va hajmda xizmatlar ko'rsatish to'g'risida Shartnoma tuzishga roziligining so'zsiz va muqarrar tasdig'i (aktsepti) hisoblanadi. Ushbu paytdan e'tiboran Karta egasi Servis Foydalanuvchisi maqomiga ega bo'ladi.

3.3. Shartnoma tuzilgan paytdan e'tiboran Servis Foydalanuvchisida yuzaga keladigan huquqlar va talablar Servis Foydalanuvchisi tomonidan uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.

3.4. Servisdan foydalanish Foydalanuvchisi tomonidan (a) Ta'minotchilar Xizmatlari uchun To'lovlarni va (b) boshqa Kartalarga O'tkazmalarni hamda (s) Servis funksionali tomonidan nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.

3.5. Foydalanuvchining To'lovlar/O'tkazmalarni amalga oshirish to'g'risidagi topshirig'i uning xohish-istagi hisoblanadi va Foydalanuvchi bunday topshiriqnomada qayd etilgan axborotning to'g'riligi uchun mustaqil ravishda to'liq javobgar bo'ladi. Bunday topshiriqnoma Servis Foydalanuvchisi tomonidan rasmiylashtiriladi va tegishli Servis Interfeysi orqali Operatorning texnik-dasturiy vositalaridan foydalanilgan holda yuboriladi.

3.6. Foydalanuvchi tomonidan To'lov/O'tkazma amalga oshirilishida, Foydalanuvchi tomonidan mazkur Shartnomaning 3.7-bandiga muvofiq Karta balansidan pul mablag'lari chegirib olinganligi to'g'risida axborot olingan paytdan e'tiboran Operatorning Foydalanuvchi oldidagi majburiyatlari to'liq hajmda bajarilgan hisoblanadi.

3.7. To'lov/O'tkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan so'ng Foydalanuvchiga To'lov/O'tkazma muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi to'g'risida tegishli xabarnoma yuboriladi, u Foydalanuvchining tegishli Interfeysida aks ettiriladi yoki unga To'lov/O'tkazma haqidagi axborot ko'rsatilgan holda SMS-xabar orqali yuboriladi, u quyidagilarni o'z ichiga oladi: 

  1. a) To'lov/O'tkazma summasi;
  2. b) tranzaksiyaning identifikatsiya raqamlari;
  3. c) tranzaksiya sanasi va vaqti;
  4. d) To'lov/O'tkazma tafsilotlari (amalga oshirilgan to'lovlar, xizmatlar/tovarlar belgilangan vazifasi yoki O'tkazmani amalga oshirishda oluvchi Mijozning rekvizitlari).

3.8. CLICK Servisidan foydalanish doirasida SMS-xabarlar olinishi yoki yuborilishi bilan bog'liq xizmatlar Foydalanuvchi tomonidan to'lanadi hamda uyali aloqa Operatori va Foydalanuvchi o'rtasida tuzilgan abonentlik shartnomasida ko'rsatilgan tariflarga asosan tegishli uyali aloqa Operatori tomonidan Foydalanuvchining abonentlik hisobvarag'idan chegirib qolinadi. Bunda Servisga ulangan mobil telefonning abonentlik raqami balansida mablag'lar yetarlicha bo'lmagan holatda SMS-xabarlar yetkazib berilmaydi.

4. SERVIS DOIRASIDA TA'MINOTCHINING PULLIK XIZMATLARINI TAQDIM QILISH XUSUSIYATLARI

4.1. Foydalanuvchiga Ta'minotchilar Xizmatlari uchun tegishli haq nazarda tutilgan To'lovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim qilinganida, bunday haq tegishli Interfeysda belgilangan miqdorlarda Ta'minotchi foydasiga To'lov uchun to'lanadigan summadan tashqari ushlab qolinadi.

4.2. Ta'minotchi Xizmatlari uchun tegishli haq nazarda tutilgan To'lov amalga oshirilayotganda Servis doirasida foydalanish imkoni bo'lgan interfeyslarning istalgan biri orqali tasdiqlanishi O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq mazkur Shartnoma shartlarining Foydalanuvchi tomonidan to'liq va so'zsiz qabul qilinganligi hisoblanadi.

4.3. Foydalanuvchi Kartasida haq hisobga olingan holda To'lovni amalga oshirish uchun mablag'lar yetarlicha bo'lmagan holatda, ushbu To'lov amalga oshirilmaydi.

4.4. Ta'minotchi tegishlicha ko'rsatilmagan Xizmatlari uchun To'lov qaytarilishi imkoniyatini nazarda tutadigan holatlarda yoki Ta'minotchi tomonidan nazarda tutilgan boshqa holatlarda, 4.1-bandga asosan haq sifatida ushlab qolingan pul mablag'lari summasi qaytarilmaydi.


5. SERVIS DOIRASIDA OPERATOR PULLIK XIZMAT KO’RSATISHINING XUSUSIYATLARI

5.1. Foydalanuvchiga muvofiq to’lov ko’zda tutilgan Operator xizmatlari taqdim etilganda, boshqasi ko’zda tutilmagan bo’lsa, to’lov foydalanuvchidan quyidagi tartibda yechib olinadi:
a) click™ Servisining muvofiq Interfeysida belgilangan foydalanuvchi kartasidan Operator foydasiga To’lov ko’rinishida;
b) click™ Servisining muvofiq Interfeysida ko’rsatilgan tartibda, shartlarda va hajmda Foydalanuvchining Elektron hamyonidan mablag’ yechib olish ko’rinishida.
5.2. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq, Operatorning Servislari uchun Servis doirasida mavjud interfeyslar orqali, yoki Servis funksionalida ko’zda tutilgan boshqa usul yordamida To’lovni amalga oshirish, to’lov yechib olinuvchi xizmatlarni faollashtirishni tasdiqlash mazkur Shartnomani Foydalanuvchi tomonidan so’zsiz va to’liq qabul qilish deb hisoblanadi.

5.3. Foydalanuvchining Elektron hamyonida yetarlicha mablag’ bo’lmagan hollarda, Operator xizmatlari uchun to’lov, click™ Servisining Interfeyslariga ulangan Foydalanuvchining har qanday boshqa mavjud kartasidan amalga oshiriladi.

5.4. Agar Foydalanuvchida Operator xizmatlarini to’lash uchun yetarlicha mablag’ mavjud bo’lmasa, 5.1. (a), (b) punktlariga muvofiq, Operator kerakli mablag’ni Foydalanuvchining click™ Servisining Interfeyslariga ulangan kartalaridan qismga bo’lib yechib olishga haqli.

5.5. Yuqorida ko’rsatilgan vaziyatlarni hisobga olgan holda, Foydalanuvchida yetarlicha mablag’ bo’lmasa, mazkur Ofertada ko’rsatilgan tartibda va shartlarda, xizmat Foydalanuvchi uchun mavjud bo’lmaydi.

6. SERVIS DOIRASIDA ALOHIDA XIZMATLAR KO’RSATISH XUSUSIYATLARI

6.1. Xizmat doirasida Operator tomonidan taqdim etiladigan alohida xizmatlarning batafsil tavsifi mazkur Ofertaga ilova shaklida tatbiq etilgan har bir bunday xizmat tavsifida keltirilgan va ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.

6.2. Servis Operatorining bunday xizmatlari uchun To'lov amalga oshirilganligining Servis doirasida foydalanish imkoni bo'lgan interfeyslarning istalgan biri yoki Servis funksionali doirasida foydalanish mumkin bo'lgan boshqa interfeyslar orqali tasdiqlanishi, tegishli haq olinadigan bunday xizmatlar faollashtirilganligi tasdiqlanishi O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq mazkur Shartnoma shartlarining Foydalanuvchi tomonidan to'liq va so'zsiz qabul qilinganligi hisoblanadi.

7. TOMONLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

7.1. Operator quyidagi majburiyatlarni bo’yniga oladi:

7.1.1. CLICK Servisining uzluksiz ishlashini ta'minlash;

7.1.2. O'z Koll-markazi orqali yoki Operator foydalanishi mumkin bo'lgan boshqa usullar bilan Foydalanuvchiga axborot yordamini ko'rsatish.

7.1.3. Foydalanuvchining shaxsiy ma'lumotlari, shuningdek O'zR qonun hujjatlariga muvofiq bank sirini o'z ichiga olgan ma'lumotlar maxfiyligini ta'minlash.

7.1.4. Tegishli Servis Interfeyslarida mazkur Shartnomaga o'zgartishlar va/yoki boshqa ahamiyatli voqealar va yangiliklar to'g'risidagi xabarlarni, shu jumladan Servisga ulangan yangi Ta'minotchilar to'g'risidagi axborotni, shuningdek Servisga joriy qilinayotgan o'zgarishlar to'g'risidagi ma'lumotlarni e'lon qilish.

7.1.5. Foydalanuvchi va Ta'minotchi va/yoki boshqa Taraflar o'rtasida yuzaga keladigan da'volashuvli vaziyatlarni hal qilishda ishtirok etish.

7.2. Operator quyidagilarga haqli:

7.2.1. Servis Foydalanuvchisiga Servis doirasida operatsiyalar amalga oshirilishini rad qilish, agar bunday harakat va/yoki harakatsizlik Operator tomonidan O'zR qonun hujjatlari talablari va/yoki mazkur Shartnoma shartlari buzilishiga olib kelsa.

7.2.2. Foydalanuvchi tomonidan O'zR amaldagi qonun hujjatlari talablari va/yoki mazkur Shartnoma shartlari buzilgan holatda va/yoki Servis Foydalanuvchisi biron-bir tarzda firibgarlik operatsiyalariga va/yoki jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorizmni mablag' bilan ta'minlash operatsiyalariga jalb etilganligiga shubha qilingan holatda, shuningdek qonun hujjatlari bilan nazarda tutilgan boshqa holatlarda Operator vaziyatlarga aniqlik kiritilgunga qadar bir tomonlama tartibda Servisdan foydalanishni vaqtincha to'xtatib qo'yishi yoki Servis Foydalanuvchisining Operatorga ma'lum bo'lgan har qanday manzili bo'yicha va/yoki tegishli Servis Interfeysiga taalluqli bildirish xati yuborish orqali istalgan vaqtda Shartnomani bekor qilishi mumkin.

7.3. Servis Foydalanuvchisi quyidagi majburiyatlarni bo’yniga oladi:

7.3.1. Servisdan mazkur Shartnomada belgilangan tartibda foydalanish.

7.3.2. Operator tomonidan tegishli Servis Interfeyslarida e'lon qilinadigan Servis Foydalanuvchilari uchun xabarlarni kuzatib borish. Ushbu xabarlardagi talablarga rioya qilish.

7.3.3. O'zingizning shaxsiy ma'lumotlaringizni va/yoki xizmatga kirishni ta'minlaydigan boshqa ma'lumotlar va ma'lumotlarni (bundan buyon matnda "xizmatga kirish uchun tafsilotlar" deb yuritiladi) uchinchi shaxslarga bermang, shuningdek SMS orqali qabul qiluvchilarni bir martalik tasdiqlash kodlari to'g'risida ma'lumot bermang.

7.3.4. Uchinchi shaxslar tomonidan Servisdan foydalanish imkonini beradigan rekvizitlarga noqonuniy egalik qilish va ulardan foydalanishni istisno qiladigan kerakli tashkiliy-texnik choralar ko'rish.

7.3.5. Uchinchi shaxslar tomonidan Servisdan foydalanish imkonini beradigan rekvizitlardan noqonuniy foydalanishga tegishli faktlar yoki shubhalar to'g'risida, shu jumladan Servisga ulangan mobil telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati yo'qotilgan (yo'qotilgan, o'g'irlangan yoki boshqa usulda yo'qotilgan) holatlarda Operatorni darhol xabardor qilish.

7.3.6. Servis orqali noqonuniy moliyaviy operatsiyalarni, noqonuniy savdo-sotiqni, jinoiy yo'l bilan olingan daromadlarni qonuniylashtirishga yoki terrorizmni mablag' bilan ta'minlashga qaratilgan operatsiyalarni, qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa harakatlarni amalga oshirmaslik.

7.3.7. Servisdan muntazam ravishda foyda olish yoxud daromadni yashirishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanmaslik.

8. TOMONLARNING JAVOBGARLIGI

8.1. Tomonlar mazkur Shartnoma doirasida o'z vazifalari bajarilmaganligi uchun javobgar bo'ladilar.

8.2. Servis Foydalanuvchisi tegishli Servis Interfeysi orqali To'lovlar/O'tkazmalarni amalga oshirish to'g'risidagi topshiriqnomada qayd etilgan ma'lumotlarning to'g'riligi uchun mustaqil ravishda to'liq javobgar bo'ladi va To'lovlar/O'tkazmalarni amalga oshirish to'g'risidagi topshiriqnomada xato ma'lumotlar ko'rsatilgan holatda, Servis Operatori tomonidan Shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarining tegishlicha bajarilmaganligi tufayli Servis Operatoriga hech qanday shikoyat qilishga haqli emas. Tegishli axborot noto'g'ri ko'rsatilgan holatda, To'lov/O'tkazma tashabbuschisi hisobidan chiqarilgan mablag'lar qaytarilmaydi.

8.3. Servis Operatori tomonidan Foydalanuvchidan Servisga ulangan mobil telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati yo'qotilganligi to'g'risida ariza olingan paytga qadar Foydalanuvchining xohish-istagini o'z ichiga olgan To'lovni amalga oshirish to'g'risidagi topshiriqnoma Foydalanuvchi tomonidan olingan hisoblanadi.

8.4. Foydalanuvchining Servisga ulangan mobil telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati yo'qotilgan holatda ushbu holat to'g'risida arizani Operator tomonidan olingan paytga qadar, Foydalanuvchi Servis Operatoriga Servisdan foydalanib amalga oshirilgan To'lovlar/O'tkazmalar qaytarilishi to'g'risida talabnomani taqdim qilishga haqli emas.

8.5. Foydalanuvchi Servisga ulangan mobil telefon raqamlaridan, shuningdek uning mobil telefoniga o'rnatilgan ilovalar va dasturlar yordamida yoki uning Servisdan foydalanish imkonini beradigan rekvizitlari yordamida Foydalanuvchi nomidan amalga oshirilgan uchinchi shaxslarning har qanday harakatlari uchun javobgar bo'ladi va zararlar o'rnini to'ldiradi.

8.6. Yo'qotilgan, o'g'irlangan yoki Foydalanuvchida Servisga ulangan mobil telefon (abonentlik) raqamlaridan foydalanish imkoniyati bo'lmagan boshqa holatlarda – Foydalanuvchi 7.3.5-bandga muvofiq, Operator tomonidan Foydalanuvchidan Servisga ulangan mobil telefon raqamlaridan foydalanish imkoniyati yo'qotilganligi to'g'risida ariza olingan paytga qadar uchinchi shaxslar tomonidan Servisdan foydalanish bilan bog'liq uchinchi shaxslarning har qanday harakatlari uchun javobgar bo'ladi va zararlar o'rnini to'ldiradi.

8.7. Operator texnik platformalar va transport tarmoqlari yoki aloqa tarmoqlari ishida Operatorning aybisiz yuzaga kelgan kechikishlar va uzilishlar uchun Foydalanuvchi oldida javobgar bo'lmaydi.

8.8. Operator Foydalanuvchi tomonidan Servisdan foydalanish imkonini beradigan o'z rekvizitlari va/yoki boshqa shaxsiy ma'lumotlari oshkor qilinganligi tufayli Foydalanuvchiga etkazilgan har qanday turdagi zarar uchun javobgar bo'lmaydi.

8.9. Operator Ta'minotchilar tomonidan Foydalanuvchiga ko'rsatiladigan Xizmatlar sifati uchun, shuningdek bunday Ta'minotchilardan olinadigan Xizmatlarning Foydalanuvchilarga ko'rsatilishi jarayonida va shu sababli yuzaga keladigan Ta'minotchilarning Foydalanuvchilar oldidagi majburiyatlari bo'yicha javobgar bo'lmaydi.

8.10. Foydalanuvchi Servisda uning tomonidan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar uchun javobgar bo'ladi.

8.11. Operator Shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlari bajarilmaganligi yoki tegishlicha bajarilmaganligi texnogen xususiyatli yengib bo'lmas kuch vaziyatlari, aynan esa: Servis faoliyati uchun foydalaniladigan kuchli tokda ishlaydigan elektr yoki kompyuter tarmoqlarida yoki boshqa elektr aloqa tarmoqlarida avariya (ishdagi to'xtalish) oqibatida, shuningdek uchinchi shaxslarning Servis faoliyatini ishdan chiqarishga qaratilgan qasddan noqonuniy harakatlari natijasida yuz bergan bo'lsa, bunday o'z majburiyatlari to'liq yoki qisman bajarilmaganligi uchun javobgarlikdan to'liq ozod qilinadi.

8.12. Operator boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim qilinadigan aloqa liniyalari ish sifati va unga tegishli bo'lmagan boshqa, shu jumladan boshqa tashkilotlarga tegishli ma'lumotlar uzatish tarmoqlari tranzit uzellari uskunalarining ishga yaroqsizligi uchun javobgar bo'lmaydi.

9. SHARTNOMANING AMAL QILISH MUDDATI VA UNI BEKOR QILISH TARTIBI

9.1. Shartnoma Ommaviy oferta jismoniy shaxs tomonidan aktseptlangan paytdan e'tiboran kuchga kiradi va Taraflar Shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini to'liq bajargungacha amal qiladi.

9.2. Foydalanuvchi Servis Interfeyslarida foydalanish mumkin bo'lgan funksionalga muvofiq Servisdan chiqib ketish orqali istalgan vaqtda Shartnoma ijrosini rad qilishga haqlidir.

9.3. Mazkur Shartnomani bekor qilish Servis doirasida pullik xizmatlar bo'yicha Shartnomalar bekor qilinishini anglatmaydi, agar bunday servislar faollashtirilgan bo'lsa.

9.4. Shartnoma Operator tomonidan mazkur Shartnomada qayd etilgan shartlarga muvofiq bir tomonlama tartibda bekor qilinishi mumkin.

10. YAKUNIY QOIDALAR

10.1. Mazkur Shartnoma doirasida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan barcha da'volar muzokaralar orqali hal qilinadi. Muzokaralar orqali kelishuvga erishilmagan holatda, Taraflar o'z kelishmovchiliklarini O'zR amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida hal qiladilar. 

10.2. Shartnoma bilan hal qilinmagan barcha masalalar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.

SERVIS OPERATORI REKVIZITLARI

“CLICK” MChJ To’lov tashkiloti

Yuridik manzili: Toshkent shahri, Bratislava ko'chasi, 11-uy.

Bank rekvizitlari: h/r 20208000304942713001

“Asia Alliance Bank” ATBda, Shayxontohur filiali, MFO 01057

STIR 302134733

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020-yil 28-martdagi 1-sonli litsenziyasi.

 


O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №1-ilova

 

“TO'LOVLAR MONITORINGI” XIZMATINI TAQDIM QILISH XUSUSIYATLARI



1. Operator Servis Foydalanuvchilariga “To'lovlar monitoringi” Xizmatidan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi, ushbu xizmat yordamida Foydalanuvchi Xizmatga ulangan Karta orqali amalga oshirilgan barcha tranzaksiyalar to'g'risida ma'lumotlar olishi va kirim/chiqim statistikasini ko'rib chiqishi, shuningdek “To'lovlar monitoringi” Xizmati funksionali tomonidan nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
2. “To'lovlar monitoringi” Xizmati CLICK Servisi interfeyslari doirasida amal qiladi va faqat Servis Foydalanuvchilari foydalanishi mumkin.
3. “To'lovlar monitoringi” Xizmati shartlariga rozilik berish, tegishli ravishda, mazkur Oferta shartlarini qabul qilish, Foydalanuvchi tomonidan mazkur Xizmatning veb-interfeys yoxud CLICK Servisining Telegram-boti yordamida faollashtirilishi orqali amalga oshiriladi. Bunda mazkur xizmat bugungi kunda ushbu bandda qayd etilgan interfeyslar doirasidagina mavjud.
4. CLICK Servisiga Foydalanuvchining boshqa kartalari ulangan holatda, “To'lovlar monitoringi” Xizmati faqat Foydalanuvchi tomonidan faollashtirilgan Karta bo'yicha taqdim qilinadi. CLICK Servisiga ulangan boshqa Kartalar uchun ushbu Xizmatni faollashtirish uchun Foydalanuvchi tegishli CLICK Servisi interfeysi bo'limida ushbu holatni ko'rsatishi kerak.
5. “To'lovlar monitoringi” Xizmat haqi Foydalanuvchilar uchun ushbu Xizmatga ulangan har bir Karta bo'yicha oyiga 1000 (bir ming) so'm miqdorida belgilanadi.
6. Mablag'larni chegirib olish “To'lovlar monitoringi” Xizmatiga ulangan Foydalanuvchi kartasidan avtomatik tartibda amalga oshiriladi. Kelgusida chegirib olish har kalendar oyining 1 (birinchi) kunida oldindan to'lov rejimida amalga oshiriladi. Ushbu Xizmatdan foydalanilganlik uchun haq, “To'lovlar monitoringi” Xizmati oyning qaysi kunida faollashtirilganligidan qat'iy nazar, birinchi kalendar oyida to'liq hajmda olinadi. Bunda “Toʻlovlar monitoringi” xizmati soʻnggi 12 (oʻn ikki) oy davomida faqat ushbu Xizmatga ulangan Kartochkadan foydalangan holda amalga oshirilgan barcha operatsiyalar toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoniyatini beradi.
7. Chegirib olish bevosita “To'lovlar monitoringi” Xizmatiga ulangan Foydalanuvchi kartasidan amalga oshiriladi.
8. Mablag'larni chegirib olish “To'lovlar monitoringi” Xizmatiga ulangan Foydalanuvchi kartasida chegirib olish uchun mablag'lar yetarli bo'lgan holatdagina amalga oshiriladi. Agar ushbu Kartada mablag'lar yetarli bo'lmasa, “To'lovlar monitoringi” Xizmati uzib qo'yiladi.

“To'lovlar monitoringi” Xizmati mazkur Shartnomaning 5-1.3-bandida ko'rsatilgan tartibda tiklanadi. Bunda haqning ushlab qolinishi joriy davr mobaynida (Foydalanuvchi uchun “To'lovlar monitoringi” Xizmati faollashtirilgan paytdan) amalga oshiriladi va Xizmatlar to'lovi uchun kerakli mablag'lar yo'qligi sababli ushbu Xizmatlar vaqtincha to'xtatib qo'yilgan davrni o'z ichiga olmaydi.
9. Foydalanuvchi tegishli CLICK Servisi interfeysida “To'lovlar monitoringi” Xizmatini uzib qo'yish orqali istalgan paytda ushbu Xizmatni rad qilishga haqli. Bunda Foydalanuvchi Kartasidan joriy davr uchun oldindan to'lov sifatida olingan summa qaytarilmaydi.
10. Servis Kartada mablag’ (yetarlicha) bo’lmagani sababli mazkur Ofertaning 5.4. punktiga muvofiq Avtomatik ravishda o’chiriladi.
11. Foydalanuvchi click™ Servisidan o’chirilgan holda, “To’lovlar monitoringi” xizmati avtomatik ravishda o’chirilmaydi. “To’lovlar monitoringi” Xizmatining o’chirilishi click™ Servisining muvofiq interfeyslarida yoki mazkur shartnomada ko’rsatilgan manzil bo’yicha xat orqali so’rov yuborish yo’li bilan amalga oshiriladi.



O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №2-ilova

“ELEKTRON KVITANSIYA” XIZMATINI TAQDIM QILISH XUSUSIYATLARI

 

1. Operator Servis Foydalanuvchilariga Servis funksionali doirasida mavjud bo’lgan kommunal xizmatlar yoki boshqa xizmat ko’rsatuvchilar foydasiga amalga oshirilgan To’lovlar haqida ma’lumot olish mumkin bo’lgan “Elektron Kvitansiya” Xizmatidan foydalanish imkoniyatini beradi.

2. Xizmat quyidagi ko’rinishlarda taqdim etiladi:

- to’lov haqiqatda ham click™ tizimi orqali muvaffaqiyatli o’tganini tasdiqlovchi “CLICK” MChJ muhriga ega bo’lgan, click™ interfeyslarida aks ettiriluvchi elektron kvitansiya ko’rinishida;

- to’lov haqiqatda ham click™ tizimi orqali muvaffaqiyatli o’tganini tasdiqlovchi “CLICK” MChJ muhriga ega bo’lgan, qog’ozli kvitansiya ko’rinishida; Bunday kvitansiya Foydalanuvchiga pochta orqali yuboriladi.

Taqdim etish usulidan qat’iy nazar, kvitansiyalarda aks ettirilgan ma’lumot:

a) To’lov summasi;

b) click™ Tizimi va Yetkazib beruvchining tranzaksiya identifikatsion raqami;

c) Tranzaksiya sanasi va vaqti;

d) To’lov/O’tkazma tafsilotlari (to’lov maqsadi, To’lov yoki O’tkazma amalga oshirilgan xizmat turi)

e) Xizmat va Yetkazib beruvchi tomonidan ko’zda tutilgan boshqa ma’lumotlar.

 

3. “Elektron kvitansiya” Xizmati click™ interfeyslari doirasida ishlaydi va faqatgina Servis Foydalanuvchilari uchun mavjud.

4. Operator qog’ozli kvitansiya yetkazib berish Xizmati uchun aniq to’lov o’rnatishi mumkin, to’lov yechib olinish tartibi va summasi Servisning muvofiq Interfeysida ko’rsatiladi.

5. Qog’ozli kvitansiyani olish uchun Foydalanuvchi Telegram-bot (@clickuz) Servisi Interfeysida kerakli bo’limni tanlaydi (buyurtma beradi), qog’ozli kvitansiyani ma’lum manzil bo’yicha (qo’llash mumkin bo’lsa) yetkazib berishlari uchun kerakli ma’lumotlarni kiritadi (formani to’ldiradi) va Servis Interfeysida ko’rsatilgan miqdorda va tartibda xizmat to’lovini amalga oshiradi (agar muvofiq to’lov ko’zda tutilgan bo’lsa).

6. “Elektron kvitansiya” Xizmati shartlariga rozilik bildirish, va shu bilan birga mazkur Oferta shartlarini qabul qilish, Veb-interfeys, click™ Servisi Telegram-boti yoki USSD orqali ushbu Xizmat uchun chiqarilgan hisob to’lovini tasdiqlash yo’li, yoki mazkur Xizmat uchun to’lov ko’zda tutilmagan bo’lsa, boshqa tasdiqlash yo’li orqali amalga oshiriladi. Ushbu xizmat bugungi kunda faqat mazkur punktda ko’rsatilgan interfeyslarda mavjud.

7. Foydalanuvchidan to’lov yechilganidan so’ng, yoki qog’ozli kvitansiyani yetkazib berishga “buyurtma” boshqa yo’l bilan tasdiqlanganidan so’ng, Operator 5 (besh) kundan kechiktirmasdan kvitansiyani bosib chiqarishni, o’z muhrini bosishni va Foydalanuvchi tomonidan ko’rsatilgan manzil bo’yicha “buyurtmali pochta” yordamida yetkazib berish uchun kvitansiyani “O’zbekiston pochtasi” AJ muvofiq bo’limiga yuborish majburiyatini o’z bo’yniga oladi. So’ng, yuborish/yetkazib berish statusini Servisning muvofiq Interfeysida kuzatib borish mumkin. Bunda Operator kvitansiyani faqat pochta bo’limiga yetkazib berish mas’uliyatini o’z bo’yniga oladi va Servis Interfeyslaridagi yuborish/yetkazib berish statusi “O’zbekiston pochtasi” AJ tomonidan operatorga taqdim etilgan ma’lumotlar asosida aks ettiriladi.

8. Operator “buyurtma berilgan” kvitansiyani “O’zbekiston pochtasi” AJ tomonidan yetkazib berish fakti va muddati uchun javobgar emas. Kvitansiya yetkazib berilmagan yoki muddatdan kechiktirib yetkazib berilgan hollarda barcha e’tirozlar “O’zbekiston pochtasi” AJ-ga yuboriladi.  


O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №3-ilova

«click™ premium» XIZMATINI TAQDIM QILISH XUSUSIYATLARI

1. Operator Servis Foydalanuvchilariga “click™ premium” (kelgusida – Xizmat) Xizmatidan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi, ushbu xizmatni ulash foydalanuvchiga quyidagi qo’shimcha imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatini beradi*1:

barcha turdagi to’lovlar uchun ikki karra keshbek

aloqa operatorlariga to’lovlar uchun 5 foizgacha oshirilgan keshbek

komissiya to’lovisiz kartadan kartaga pul o’tkazmalari (p2p o’tkazmalar)

click premium support xizmatidan foydalanish

2. Xizmat click™ Servisi interfeyslari doirasida amal qiladi va undan faqat Servis Foydalanuvchilari foydalanishi mumkin.

3. Xizmat shartlariga rozilik berish, tegishli ravishda, mazkur Oferta shartlarini qabul qilish, Foydalanuvchi tomonidan mazkur Xizmatning interfeyslari yordamida faollashtirilishi orqali amalga oshiriladi.

4. Servis Foydalanuvchilari uchun Xizmatning narxi 50 000 (ellik ming) so’mni tashkil qiladi.


5. Xizmat 30 (o’ttiz) kalendar kuniga taqdim etiladi.

6. Mablag’ni yechib olish avtomatik ravishda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) Birinchi ulanishda Xizmat to’lovi Foydalanuvchi tanlagan click™ Servisining interfeysida amalga oshiriladi.
b) Keyingi to’lovlar Foydalanuvchining Elektron hamyonidan yoki Ofertaning 5 bo’limiga muvofiq amalga oshiriladi.

7. “To’lovlar uchun ikki karra keshbek” xizmati keshbek taqdim etilmaydigan xizmatlar uchun amal qilmaydi, shuningdek, Katta Cashback va/yoki click™ Xizmatining kobrending kartalari aksiyalari bilan qo’shib hisoblanmaydi.
8.  Xizmat doirasidagi pul o'tkazmalar (p2p o'tkazmalar) komissiya to'lovlarisiz, bepul amalga oshiriladi.

8.1. Xizmat doirasida kartadan kartaga bepul o‘tkazmalarning limiti 30 (o‘ttiz) kalendar kun davomida 10 000 000 (o‘n million) so‘mni tashkil etadi.

8.2. Mazkur Ofertaning 8.1-bandida ko‘rsatilgan limit tugagandan so‘ng, O’tkazma amalga oshirilgan kartani chiqargan bankning ofertasida ko’zda tutilgan shartlarda, tartibda va narxlarda, o’tkazmalar uchun komissiya yechib olinadi.

8.3. “Kartadan kartaga bepul o’tkazmalari” (p2p o’tkazmalar xizmatidan foydalanilganda keshbek taqdim etilmaydi.

8.4. O’tkazmalarning umumiy summasi 9 900 000 (to’qqiz million to’qqiz yuz ming) so’mni tashkil etsa, 100 000 (yuz ming) so’mdan ortiq kelgusi pul o’tkazmalarida «click™ premium» xizmati doirasidagi keshbek faol bo’lmaydi.

9. Xizmat o’chirilishi Ofertaning 5-bo’limi bilan muvofiq holda yetarlicha mablag’ mavjud bo’lmaganligi va/yoki click™ Servisining muvofiq interfeysida mazkur xizmat avtouzaytirilishini o’chirish sababli amalga oshiriladi. Bunda Xizmat to’langan muddatning oxirgi kunigacha amal qiladi va qayta hisoblash amalga oshirilmaydi. Ilova o’chirib tashlanganda Xizmat amal qilishni davom etadi.

 
*1Mazkur Ofertada keltirilgan qo’shimcha imkoniyatlar ro’yxati ma’lumot berish uchun mo’ljallangan va Operator tomonidan click™ Servisining interfeyslarida ma’lumot berish yo’li bilan Foydalanuvchini xabardor qilishsiz o’zgartirilishi mumkin.




O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №4-ilova

click™ Boom FUNKSIYALARINING XUSUSIYATLARI


 
1. Operator Servis Foydalanuvchilariga click™ Boom funksiyalaridan foydalanish imkoniyatini «click™ premium» xizmati ulangan holdagina taqdim etadi. click™ Boom Xizmatining funksionali Bluetooth simsiz ma’lumot uzatish usuli yordamida pul o’tkazmalarini (p2p o’tkazmalar) amalga oshirish va/yoki qabul qilish imkonini beradi.
2. click™ Boom funksionali doirasida Pul Yuboruvchi – pul o’tkazmasini amalga oshiruvchi Click Up ilovasining Foydalanuvchisi. Tashabbuskor click™ Boom xizmati orqali pul o’tkazmasini faqatgina «click™ premium» mavjud bo’lgan holdagina amalga oshirishi mumkin.
3. click™ Boom funksionali doirasida Pul Qabul qiluvchi – tashabbuskordan click™ Boom xizmati doirasida pul mablag’ini qabul qiluvchi Click Up foydalanuvchisi. click™ Boom orqali pul qabul qilish uchun «click™ premium» mavjud bo’lishi shart emas.
«click™ Boom»
xizmatini o’chirish «click™ premium» Xizmatini o’chirganda va/yoki click™ servisining tegishli interfeysi orqali mazkur Xizmat o’chirilganda sodir bo’ladi.

 


O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №5-ilova



SERVIS DOIRASIDA O'TKAZMANI AMALGA OSHIRISH XUSUSIYATLARI



1. Bir Kartadan boshqasiga O'tkazma amalga oshirilganida Foydalanuvchidan O'tkazma amalga oshirilgan Kartani chiqargan bankning tegishli ofertasida nazarda tutilgan miqdorlarda, tartibda va shartlarda tegishli vositachilik haqi (komissiya) olinadi. Bunday komissiya O'tkazma summasidan tashqari tegishli Servis Interfeysida ko'rsatilgan miqdorda ushlab qolinadi.

Bunda Kartani chiqargan bank tomonidan O'tkazmalar summalari davriyligi va/yoki miqdorlariga cheklanishlar qo'yilishi mumkin, ularning tartibi va shartlari bankning tegishli ofertasida ko'rsatiladi.

2. O'tkazma amalga oshirilganligining tasdiqlanishi O'tkazma amalga oshirilgan Kartani chiqargan bankning mazkur Shartnomasi va ofertasi Foydalanuvchi tomonidan to'liq va so'zsiz qabul qilinganligini anglatadi.
3. Foydalanuvchi Kartasida bank komissiyasi hisobga olingan holda O'tkazmani amalga oshirish uchun mablag'lar yetarli bo'lmagan holatda, bunday O'tkazma amalga oshirilmaydi.





O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №6-ilova

 

“REKVIZITLAR BO’YICHA TO’LOV” XIZMATINI KO’RSATISH XUSUSIYATLARI

 
1. Operator Servis Foydalanuvchilariga “rekvizitlar bo’yicha to’lov” xizmatidan foydalanish imkonini beradi.
2. Rekvizitlar bo’yicha to’lovni amalga oshirish uchun, To’lovchi quyidagi kerakli ma’lumotlarni kiritishi lozim:

Tashkilot bankining MFI-si;
Hisob raqami;
Qabul qiluvchi nomi;
To’lov maqsadi va to’lov summasi.

Ko’rsatilgan ma’lumotlar kiritilganidan va “To’lash” tugmasi bosilganidan so’ng, kartadan mablag’ yechib olinadi.

 3. Rekvizit bo’yicha o’tkazmani amalga oshirar ekan, To’lovchi to’lov summasidan 1% miqdorida komissiya to’lovini amalga oshiradi.

4. Qabul qiluvchining hisobiga to’lovni amalga oshirish jarayoni, Qabul qiluvchining banki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bir necha daqiqadan 72 soatgacha davom etishi mumkin. Qabul qiluvchining hisobiga to’lov o’tkazilgandan so’ng, to’lov statusi “Muvaffaqiyatli amalga oshirildi”ga o’zgaradi.

5. Hisob raqamiga mablag’ o’tkazilgandan so’ng, Foydalanuvchi kvitansiyani yuklab olishi yoki jismoniy nusxasini @clickuz Telegram-boti yoki my.click.uz shaxsiy kabineti orqali yetkazib berishga buyurtma berishi mumkin.

6. “Jarayonda” statusiga ega to’lovni bekor qilish imkoniyati faqat to’lov amalga oshirilayotgan bankning texnik imkoniyatlari mavjud holdagina mavjud.

7. “Muvaffaqiyatli amalga oshirildi” statusidagi to’lovni bekor qilish (ya’ni mablag’ Qabul qiluvchi hisobiga yuborilgan) Bank tomonidan, Qabul qiluvchi mablag’ni bank tranzit hisobiga yuborganidan so’ng, mablag’ni To’lovchi plastik kartasiga o’tkazish yo’li bilan amalga oshiriladi.
8. Bekor qilingan to’lovlar bo’yicha komissiya qaytarilmaydi.

O’zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri
2023-yilning 16-iyun kunidan amal qiluvchi
2.2 Versiyasi

“Click” servisi doirasida to’lov xizmatlarini taqdim qilish bo’yicha
“Click” MChJ-ning ommaviy ofertasiga №7-ilova

 

"MENING AVTOMOBILIM" XIZMATINI KO‘RSATISH XUSUSIYATLARI

1. Operator Servis foydalanuvchilariga avtomobil, transport vositasining sug‘urtalanganligi, avtomobil oynalarining tusi o‘zgartirilganligi (qoraytirilganligi), jarimalar va yo‘l harakati qoidalarining buzilishi holatlari haqida ma’lumotlar[1]olish, shuningdek, xizmatining funksiyalari bilan ta’minlangan boshqa harakatlarni bajarish imkonini beruvchi “Mening avtomobilim” xizmatidan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.

2. “Mening avtomobilim” xizmati yordamida siz:

2.1. Amaldagi sug‘urta polisining amal qilish muddati tugaganligi to‘g‘risida xabarnoma olish va shaxsiy yoki boshqa transport vositalari uchun yangi sug‘urta polisini rasmiylashtirish;

2.2. Ichki bozorda turli markadagi avtomobillar narxlari katalogi bilan tanishish;

3. “Mening avtomobilim” xizmati click™ Servisi interfeyslari doirasida amal qiladi va faqat Servis Foydalanuvchilari foydalanishi mumkin.

4. “Mening avtomobilim” xizmati shartlariga rozilik berish va tegishli ravishda, mazkur Oferta shartlarini qabul qilish, Foydalanuvchi tomonidan click™ Servisi interfeyslari orqali ushbu Xizmatni faollashtirish orqali amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasining shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq ushbu Oferta shartlarini qabul qilgan holda, Foydalanuvchi o‘z shaxsiy ma’lumotlarini Operatorning Internet-resursida joylashtirilgan “Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va qayta ishlash siyosati”da belgilangan tartib va shartlarda qayta ishlashga muhlatsiz rozilik beradi.

6. Ushbu Ofertaning 4 va 5-bandlariga muvofiq Operator quyidagi huquqlarga ega:

6.1. Avtotransport vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi (e-gov.uz) servislari orqali soʻrab olish;

6.2. Avtotransportni sug‘urta polisining amal qilish muddatini kuzatib borish va foydalanuvchiga muddat tugashi haqida xabarnoma yuborish;

6.3. "Mening avtomobilim" xizmatini taqdim etish maqsadida foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga uzatish;

6.4. Ushbu Oferta shartlarini bajarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lmagan boshqa harakatlarni amalga oshirish.

7. Xizmatni ulashda identifikatsiya qilingan Foydalanuvchining avtomobili haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda shakllantiriladi. Identifikatsiya qilinmagan foydalanuvchi "Mening avtomobilim" funksiyasiga transport vositalarini qo‘shish uchun avtomobil haqidagi ma’lumotlarni mustaqil ravishda kiritishi kerak.

8. “Mening avtomobilim” xizmatidan foydalanganlik uchun Foydalanuvchi tomonidan hech qanday to‘lov amalga oshirilishi talab qilinmaydi.

9. Foydalanuvchi istalgan vaqtda tegishli click™ Servisi interfeyslarida ushbu Xizmatni o‘chirish orqali “Mening avtomobilim” xizmatini bekor qilish huquqiga ega.

 

 

[1] Xizmat doirasida taqdim etilgan axborotlar faqat tanishtirish va ma’lumot berishga mo‘ljallangan bo‘lib, qonuniy kuchga ega bo‘lgan rasmiy hujjat hisoblanmaydi.